Joriy etishga tayyor loyihalar

OʻZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTINING

QARORI

ILMIY VA ILMIY-TЕXNIKAVIY FAOLIYAT NATIJALARINI TIJORATLASHTIRISH SAMARADORLIGINI OSHIRISH BOʻYICHA QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA

Mamlakatimizda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatni amalga oshirish, ilmiy-texnikaviy va innovatsion rivojlanishni taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishda mavjud moliyaviy va moddiy resurslardan samarali foydalanishni taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, 2014 — 2018 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlaridan ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalarni moliyalashtirish uchun qariyb 800 milliard soʻm ajratilib, ularning natijalariga koʻra ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari tomonidan 700 dan ortiq ixtiro patentlashtirildi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi mamlakat ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyati natijalarini tijoratlashtirishda mavjud salohiyatdan yanada toʻliq foydalanish zaruratini taqozo etmoqda.

Biroq, ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalaridan amalda foydalanishning tahlili ularni yaratish, huquqiy muhofaza qilish va joriy etish jarayonida tizimli muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda, xususan:

birinchidan, oxirgi 5 yil ichida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilgan va patentlangan ixtirolar sonining yiliga 0,5 foizini tashkil etuvchi tijoratlashtirish darajasi yetarli emas;

ikkinchidan, chop etilgan ilmiy maqolalar va yaratilgan intellektual mulk obyektlari soni ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari boʻlib qolmoqda, bunda ularni joriy etish natijalari hisobga olinmayapti;

uchinchidan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ularning tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyati natijalari uchun, shuningdek, ilmiy-texnikaviy dasturlarga davlat mablagʻlari sarflanishining samaradorligi uchun lozim darajada masʼuliyatni namoyon etmayapti;

toʻrtinchidan, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishning, shu jumladan, ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalar roʻyobga chiqarilishida iqtisodiyotning real sektori korxonalari ishtirokini ragʻbatlantirishning samarali vositalari joriy etilmagan;

beshinchidan, amaldagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimi ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqarishga tezkorlik bilan joriy etishni taʼminlamayapti.

Mahalliy ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalarni jadal joriy etishni taʼminlash, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini kuchaytirishda ilm-fan hissasini oshirish, shuningdek, ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatning istiqbolli mahalliy yutuqlarini ilgari surishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida:

1. Quyidagilar ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining (keyingi oʻrinlarda muassasalar deb yuritiladi) ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish sohasidagi asosiy vazifalari etib hisoblansin:

respublika iqtisodiyotining raqobatbardoshligini yanada oshirish maqsadida ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini jadal va keng joriy etish;

fanlararo aloqalarni, shu jumladan, xalqaro fanlararo aloqalarni shakllantirish jarayonlarini ragʻbatlantirish, qoʻshma dasturlar ishlab chiqish va jamoalarni yaratish;

ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishning aniq vazifalarini hal etishga, shuningdek, ichki va tashqi bozorlar ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan amaliy natijalarni olishga yoʻnaltirish;

yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni yaratishga xizmat qiladigan yuqori texnologiyalarni ishlab chiqish sohasida innovatsion tadqiqotlarni olib borish;

tadqiqotlarni mamlakatni izchil rivojlantirish boʻyicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori boʻlgan mahsulotlar va texnologiyalarni jadal ishlab chiqishga yoʻnaltirish.

2. Quyidagilar ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishning asosiy usullari etib belgilansin:

ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalaridan foydalangan holda yaratilgan tovarlarni (bajarilgan ishlarni, koʻrsatilgan xizmatlarni) realizatsiya qilish yoki ushbu natijalardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish;

tijorat tashkilotlarini tashkil etish, bunda ularning taʼsischilaridan biri ustav fondiga hissa sifatida intellektual mulk obyekti yoki tayyor texnologiyani kiritgan muassasa (yoki ixtisoslashtirilgan affillangan tashkilot) hisoblanadi;

intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mulk huquqlarini uchinchi shaxslarga oʻtkazish va mazkur obyektlardan foydalanish huquqini litsenziya shartnomalarini tuzish orqali, shu jumladan, ularni keyinchalik ushbu huquqlar oluvchisi tomonidan tijoratlashtirish sharti bilan berish.

3. Vazirlik va idoralar tomonidan shartnoma asosida xarid qilish orqali tijoratlashtiriladigan ishlanmalar roʻyxati ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* ilova rus tili matnida berilgan.

Belgilansinki, ilovada koʻrsatilgan ishlanmalarni oʻz vaqtida tijoratlashtirmaganligi va sifatsiz tijoratlashtirganligi uchun ularni joriy etishga javob beradigan shaxslarga nisbatan ularning oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda jarima shaklida intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil va undan keyingi yillarga moʻljallangan parametrlarini shakllantirishda “Ilm-fan” moddasi boʻyicha ajratilayotgan mablagʻlar doirasida quyidagilarni amalga oshirish uchun mablagʻlarning kamida 20 foizi yoʻnaltirilishini nazarda tutsin:

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan, davlat-xususiy ilmiy klasterlarini yaratishga, ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarni respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va mintaqalari ehtiyojlariga moslashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish;

ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishga, shu jumladan, byudjet mablagʻlari oluvchilar faoliyatini tegishli maslahatchilar tomonidan ekspertizadan oʻtkazish, qoʻllab-quvvatlash, xalqaro standartlarga muvofiq biznes-rejalarni tayyorlashga grantlar ajratish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasining 2018 yil 1 oktyabrdan boshlab quyidagilarga qoʻshimcha bir martalik mukofotlar joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

patentlangan intellektual mulk obyektlari mualliflariga muassasaning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida;

mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy jamoaga ularni tijoratlashtirishdan muassasa hisobiga kelib tushayotgan mablagʻlarning tegishli ravishda 40 va 30 foizi miqdorida.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar boʻyicha davlat ilmiy-texnik dasturlarini bajarish doirasida muassasalar tomonidan yaratilgan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalari, davlat ilmiy-texnik loyihalar yakunlanganidan va (yoki) ular belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin tijoratlashtirilishi lozim, fundamental tadqiqotlar natijalari, shuningdek, gumanitar va ijtimoiy fanlar sohasidagi loyihalar bundan mustasno;

muassasalarning ilmiy kengashlari ishlab chiqarish siri (nou-xau) yoki tijorat siri rejimida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining intellektual (nomoddiy) natijasini qoʻriqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish huquqiga ega.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga ilmiy va ilmiy texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish uchun muntazam ravishda investitsiyalarni jalb qilishni taʼminlash masʼuliyati yuklatilsin.

8. Xoʻjalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalariga samarasiz va maʼnaviy eskirgan infratuzilmani almashtirish, shuningdek, atrof-muhitni ifloslantirish darajasini pasaytirish imkonini beradigan yangi texnika va ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish hamda joriy etish bilan bogʻliq tadbirlarni faol moliyalashtirish tavsiya etilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

a) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda ilgʻor xorijiy tajriba va milliy amaliyotni oʻrganish natijalari asosida quyidagilar tasdiqlanishini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan yaratilgan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

tijorat siri rejimida qoʻriqlanadigan intellektual mulk obyektlariga, shu jumladan, patentlash imkoniyatiga ega boʻlgan texnik yechimlar va ishlab chiqarish sirlariga (nou-xaularga) boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish va berish toʻgʻrisidagi nizom;

mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy jamoalariga qoʻshimcha bir martalik mukofotlarni toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatning tijoratlashtirilgan natijalari sonini asosiy mezonlardan biri sifatida nazarda tutgan holda muassasalarning samaradorligini baholash mezonlarini belgilash boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ishlab chiqarishda joriy etishga tayyor ilmiy va ilmiy-texnikaviy natijalarni tijoratlashtirish uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlashda muassasalarga koʻmaklashsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan yaratilgan intellektual mulk obyektlari boʻyicha axborotning “Innovatsiyalarning virtual yarmarkasi” interaktiv internet-portalini yangilash uchun doimiy asosda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilishini taʼminlasin.

11. Belgilab qoʻyilsinki:

innovatsion mahsulotlarga doir davlat standartlari Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining buyurtmalariga muvofiq davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari huzuridagi standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitalar tomonidan ishlab chiqiladi;

innovatsion mahsulotlarga doir davlat standartlari istiqbolda anʼanaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan ilgarilab ketadigan boshlangʻich talablardan iborat boʻlishi va xalqaro standartlarga yoki rivojlangan xorijiy mamlakatlarning milliy standartlariga mos kelishi lozim;

tajriba va seriyali ishlab chiqarishni tashkil qilish maqsadida yangi innovatsion mahsulotlarga davlat standartlarini roʻyxatdan oʻtkazish va sertifikatlar olishga qilingan xarajatlar Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi muassasalar tomonidan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini xorijda tijoratlashtirishga, shuningdek, ularni xalqaro bozorlarda ilgari surishga diplomatik vositalar orqali koʻmaklashsin.

13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, shahar (tuman)lar hokimliklari har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari bilan birgalikda respublika olimlarining ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalari hamda ishlanmalari uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buyurtmalari portfelini shakllantirsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

 

Toshkent sh.,

2018 yil 14 iyul,

PQ-3855-son

 

(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.07.2018 y., 07/18/3855/1513-son)